Institutimizda Navro‘z bayrami yuksak kayfiyat va ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi
Bugun institutimiz jamoasi — olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va yosh izlanuvchilar bir joyga jam bo‘lib, ushbu qutlug‘ ayyomni birgalikda nishonlashdi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizni aks ettiruvchi rang-barang chiqishlar namoyish etildi. Milliy qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga xush kayfiyat ulashdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari — Shohsanam Nishonova va Muhammadali G‘afforov o‘zlarining mazmunan teran, go‘zal she’rlari bilan ishtirok etib, tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladilar.
Shuningdek, Milliy estrada institutining iqtidorli talabalari, respublika va xalqaro tanlovlar sovrindorlari — Xolmatov Ahliddin, Usmonov Azamat va Salohiddinov Avazbek kuy va qo‘shiqlar ijrosi orqali davraga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.
Milliy taomlar ko‘rgazmasi tadbirga alohida fayz kiritdi. Turli bahoriy ne’matlar, an’anaviy taomlar tayyorlanib, barcha ishtirokchilarga ulashildi va bayramning eng iliq hamda samimiy onlaridan biriga aylandi.
Bunday tadbirlar jamoada o‘zaro hurmat, hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan mehr va hurmatni yanada oshiradi.
Navro‘z — bu yangilanish, ezgulik, mehr-oqibat va barqarorlik ramzi. U barchamizni yangi yutuqlar, yangi g‘oyalar va ezgu maqsadlar sari ilhomlantiradi.
Barchaga yana bir bor bayram muborak bo‘lsin!